
Majburiy jamoat ishlari — sud hukmi bilan tayinlanadigan, mahkum haq olmasdan jamiyat uchun foydali ishlarni bajaradigan jazo turi. U shaxs ishlayotgan yoki o‘qiyotgan bo‘lsa, ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtida o‘taladi.
Majburiy jamoat ishlarining turi va ular bajariladigan joyni jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilaydi. Mahkum ish joyi yoki o‘qishini tark etib, faqat shu ishlarni bajarishi shart emas: qonun jazoni bo‘sh vaqtda o‘tashni nazarda tutadi.
Bu jazo 120 soatdan 480 soatgacha tayinlanadi. Odatda u olti oy davomida, kuniga to‘rt soatdan oshirmasdan o‘taladi. Mahkumga bog‘liq bo‘lmagan holatlar yuzaga kelsa, jazoni o‘tash muddati bir yilgacha davom etishi mumkin; bunda ham kunlik ish vaqti to‘rt soatdan oshmaydi.
Majburiy jamoat ishlari pensiya yoshiga etgan shaxslarga, 16 yoshga to‘lmaganlarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarga, chet el fuqarolariga hamda O‘zbekistonda doimiy yashamaydigan shaxslarga tayinlanmaydi.
Mahkum jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlasa, sud o‘talmagan qismni qonunda belgilangan hisob asosida ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirishi mumkin. Shuning uchun belgilangan ish vaqti va tartibiga rioya qilish muhim. gendermadad.uz
Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45¹-moddasi.