Nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’limning barcha bosqichlarida o‘qish va butun umri davomida bilim hamda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish huquqiga ega. Ta’lim olishda ularning ehtiyojlariga mos sharoit yaratilishi muhim.

Nogironligi bo‘lgan bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanishi mumkin. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim odatdagi ta’lim tashkilotlarida, zarurat bo‘lganda esa ixtisoslashtirilgan muassasalarda tashkil etiladi. Qo‘shimcha ta’lim, jumladan san’at, sport va ijodiy mashg‘ulotlarda ishtirok etish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Ta’lim jarayonida ma’lumotni qulay shaklda etkazish alohida ahamiyatga ega. Ehtiyojga qarab Braylь alifbosidagi yoki ovozli materiallar, imo-ishora tiliga tarjima va boshqa mos vositalardan foydalaniladi. Davolash yoki reabilitatsiya muassasasida bo‘lgan bolalar uchun ham o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi mumkin.

Oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan abiturientlar uchun davlat granti asosida qo‘shimcha 2 foizlik qabul kvotasi ajratiladi. Ushbu kvotaga qabul kirish imtihonlari natijasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Kvota doirasida o‘ta olmagan abiturient to‘plagan bali bilan umumiy tanlovda ham qatnashadi.

Huquqiy asos: «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun, 38–41-moddalar — Lex.uz.