O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan har bir shaxs bola hisoblanadi. Bolaning huquqlari uning ota-onasi nikohda ekaniga, oilaning moddiy ahvoliga, jinsiga yoki boshqa holatlarga qarab farq qilmaydi. Nikohda va nikohsiz tug‘ilgan bolalar teng huquqlarga va bir xil himoyaga ega.

Bolaning huquqlari faqat uning hayoti va sog‘lig‘ini asrash bilan cheklanmaydi. Ular oilada yashash va tarbiyalanish, ta’lim olish, shaxsiy daxlsizlik, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, o‘z fikrini bildirish hamda zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqlarini ham qamrab oladi. Davlat bolalarning kamsitilmasligini va huquqlaridan foydalanishi uchun sharoit yaratilishini ta’minlaydi.

Bolaga oid qaror qanday qabul qilinadi? Qaror uning hayotiga ta’sir qilsa, bolaning eng ustun manfaatlari baholanishi kerak. Bunda uning xavfsizligi, sog‘lig‘i, oila g‘amxo‘rligida o‘sishi, ta’limi va rivojlanishi hisobga olinadi. Bolaning o‘zi ham fikrini erkin bildirishga haqli. Vakolatli organlar uning fikrini yoshidan qat’i nazar ko‘rib chiqishi va qarorni bolaning manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilishi lozim.

Ota-ona bolaning huquqlarini himoya qiladi. Ota-ona qaramog‘i bo‘lmasa yoki ular bolaga nisbatan o‘z majburiyatlarini bajarmasa, qonunda belgilangan tartibda boshqa qonuniy vakillar hamda vakolatli organlar himoyani ta’minlaydi.

Muhim: bolaning huquqi buzilsa, u himoya so‘rab davlat organlariga o‘zi ham murojaat qilishi mumkin. Murojaatni faqat bola voyaga etmagani sababli ko‘rib chiqmasdan qoldirish mumkin emas.

Huquqiy asos: «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun, 3, 7, 11 va 15-moddalar.