O‘zbekistonda 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 2025 yil 1 avgustdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.
Ish haqi va stipendiyalar oshiriladi, chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarning elektr energiyasi to‘loviga cheklov o‘rnatiladi.

Ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 271 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘m etib belgilandi.

Shu bilan birga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori ham oshadi, endilikda haydovchilar uchun eng kam jarima miqdori 206 000 so‘m, eng ko‘p miqdori esa 20 600 000 so‘m (Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar bunday vositalarni boshqarganligi uchun) bo‘ladi.


Chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarning elektr energiyasi to‘loviga cheklov o‘rnatiladi

Qarzdorlik bartaraf etilishi bilan cheklov avtomatik tarzda yechiladi.

Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘z telegram-kanalida eʼlon qilib, ushbu soha bilan bog‘liq savollar bo‘yicha agentlikning 1205 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkinligini aytib o‘tgan.


Davlat organlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilinadi

Shuningdek, imkoniyatdan kelib chiqqan holda davlat tashkilotlari hududida sport zonalari tashkil etiladi. Xodimlar o‘rtasida tana vazni indeksi o‘lchab borilib, har bir xodim bo‘yicha maʼlumotlar maxsus platformaga kiritiladi, hamda har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib boriladi.


Barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi

Xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi, lekin o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmaganlarga chora ko‘riladi.


Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni import qiluvchilarga imtiyozlar beriladi

2027 yil 31 dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik subyektlariga havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilib, QQS to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov taʼminotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi


Davlat xizmatlariga qabul qilishda yangi tartib joriy etiladi

Respublika, hududiy va tuman darajasidagi tashkilotlardagi boshqaruv va yordamchi lavozimlarga tanlovlar faqat Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali o‘tkaziladi.


Test sinovlari maxsus modul orqali jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimida o‘tkaziladi.


Yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzganlar haqida xabar berganlarga pul mukofoti to‘lanadi

Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi foto va video materiallarni yuborgan shaxslarga quyidagilar to‘lanadi:

keng ochiq maydonda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olganlik yoki tashiganlik uchun - BHMning 1 baravari miqdorida;

foydali qazilmalarni qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlash sohasidagi boshqa huquqbuzarliklar uchun huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 5 foizi.


Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi joriy etiladi

Bunda tashkilotlar ish o‘rinlarini zaxiralashni elektron reyestr maʼlumotlari orqali o‘zlari joylashgan hududdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy holati va imkoniyatlari hamda malaka darajasidan kelib chiqib amalga oshiradi.


Ayrim oilalarga bog‘cha uchun to‘lov kompensatsiya qilinadi

Ayrim toifadagi oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ushbu bolalar taʼminoti uchun ota-onalar to‘lovining 40 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.


Xususiy OTMga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruq HEMIS tizimiga joylanadi

Nodavlat oliy taʼlim muassasalari shaxslarni o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining NEMIS yagona axborot tizimida yangi o‘quv yilining 1 oktyabridan kechiktirmagan holda ro‘yxatdan o‘tkazadi.


Oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi

Kodeks Alimentarius standartlari asosida eng ustuvor oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli sanitariya qoidalari tasdiqlanadi. Ayrim tovarlar sanitariya-epidemiologiya, davlat veterinariya xizmati, o‘simliklar karantini, texnik tartibga solish nazoratidagi ro‘yxatlardan chiqarib tashlanadi.


Portlovchi moddalar bilan ishlash uchun litsenziyalash tartibi o‘zgaradi

Portlovchi va zaharli moddalar bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya berishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan kelishish tartibi bekor qilinib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishish tartibi joriy etiladi.


O‘xshash yangiliklar

Chat