Homilador xodimni engilroq ishga o‘tkazish va bola parvarishlayotgan xodimga boshqa ish berish
Tibbiy xulosa asosida homilador xodim uchun ish me’yorlari kamaytirilishi yoki u xavfsizroq ishga o‘tkazilishi mumkin. Ikki yoshga to‘lmagan bolani parvarishlayotgan xodim ham avvalgi ishini bajara olmasa, boshqa ishga o‘tishni so‘rash huquqiga ega.
Tibbiy xulosaga muvofiq, homilador ayolning ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish me’yorlari kamaytiriladi yoxud u engilroq ishga, shuningdek noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Bunda uning avvalgi ishi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Me’yorlarni kamaytirish yoki vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish muddati tibbiy xulosaga qarab belgilanadi.
Ish beruvchi homilador xodimga mos ish topish masalasini hal qilayotgan vaqtda uni noqulay mehnat sharoitida ishlashga majburlashi mumkin emas. Engilroq yoki xavfsiz ish berish masalasi hal etilguniga qadar xodim ishdan ozod qilinadi va shu sababli qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Agar 2 yoshga to‘lmagan bolani parvarishlayotgan ota-onadan biri yoki vasiy avvalgi ishini bajara olmasa, u yozma ariza bilan boshqa ishga o‘tkazishni so‘rashi mumkin. Boshqa ishdagi haq bola ikki yoshga to‘lguniga qadar uning avvalgi ishi bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.
Ish beruvchida tegishli boshqa ish bo‘lmasa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lanadi. Bu masala yuzasidan yakka tartibdagi mehnat nizosi kelib chiqsa, xodimni boshqa ishga o‘tkazish imkoni bo‘lmaganini ish beruvchi isbotlaydi.
Xodim murojaatiga tibbiy xulosani yoki bolani parvarishlayotganini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilishi, arizasining qabul qilingan nusxasini saqlab qo‘yishi maqsadga muvofiq.
Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 394–395-moddalar.