Ishlayotgan ayolga tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyin homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi. Ta’tilning davomiyligi va nafaqa to‘lashning eng kam kafolati Mehnat kodeksida belgilangan.

Ayolga tug‘ruqqacha 70 kalendarь kun, tug‘ruqdan keyin esa 56 kalendarь kun ta’til beriladi. Tug‘ish qiyin kechsa yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilsa, tug‘ruqdan keyingi ta’til 70 kalendarь kunni tashkil etadi. Demak, odatda ta’tilning umumiy davomiyligi 126 kun, ko‘rsatilgan alohida hollarda esa 140 kun bo‘ladi.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblanadi. Ayol tug‘ruqqacha belgilangan kunlarning hammasidan amalda foydalanib ulgurmagan bo‘lsa ham, ta’til unga to‘liq beriladi. Bu davr uchun nafaqa qonunchilikda belgilangan tartibda tayinlanadi; uning miqdori o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Ta’til tugagach, ayolning xohishiga ko‘ra bola ikki yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash ta’tili beriladi va ushbu davr uchun belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Uning xohishiga ko‘ra bola uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha parvarishlash ta’tili ham beriladi.

Bolani parvarishlash ta’tillaridan bolaning otasi, buvisi, buvasi, haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshi yoki vasiysi ham to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib foydalanishi mumkin. Ta’til davrida xodimning ish joyi va lavozimi saqlanadi. Bunday ta’tillarning jami ko‘pi bilan olti yili mehnat stajiga, shu jumladan mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga qo‘shiladi.

Ta’tilni rasmiylashtirish uchun xodim tibbiy hujjat va tegishli ariza asosida ish beruvchiga murojaat qiladi. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi Vazirlar Mahkamasi belgilagan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Huquqiy asos: Mehnat kodeksining 404–405-moddalari.