16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biri har yili qo‘shimcha haq to‘lanadigan ta’til, shuningdek o‘z xohishiga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’til olish huquqiga ega.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga har yili kamida to‘rt kalendarь kun haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Xuddi shunday huquq 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi bor ota-onadan biriga ham berilgan.

Haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tilni yillik mehnat ta’tiliga qo‘shish mumkin. Uni ish beruvchi bilan kelishilgan vaqtda alohida, to‘liq yoki qismlarga bo‘lib olishga ham yo‘l qo‘yiladi. Lekin undan tegishli ish yili davomida foydalanish kerak: ta’tilni keyingi ish yiliga ko‘chirish yoki pulli kompensatsiya bilan almashtirish mumkin emas.

Shu toifadagi ota-onadan biriga uning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendarь kungacha ish haqi saqlanmaydigan ta’til ham beriladi. Bu kamida 14 kun degani emas: qonun ta’tilning yuqori chegarasini «14 kungacha» deb belgilagan. Uni yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib yoki ish beruvchi bilan kelishib alohida, to‘liq yoxud qismlarga bo‘lib olish mumkin. Bu ta’til ham keyingi ish yiliga o‘tkazilmaydi.

Qo‘shimcha ta’tillarni rasmiylashtirishda xodim qaysi turdagi ta’tilni va qaysi sanalarda olmoqchiligini arizasida aniq ko‘rsatishi kerak. Haq to‘lanadigan to‘rt kunlik ta’til bilan ish haqi saqlanmaydigan 14 kungacha ta’til alohida huquqlar ekanini inobatga olish muhim.

Huquqiy asos: Mehnat kodeksining 401–402-moddalari.