Sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘lgan fuqaro, odatda, o‘zi biriktirilgan oilaviy shifokor punkti yoki oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi. Shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazadi, zarur tekshiruvlarni belgilaydi va davolanish qaerda davom etishini aniqlashga yordam beradi.

Agar ambulator davolanish etarli bo‘lmasa, bemor statsionar davolanishga yo‘naltiriladi. Davlat mablag‘lari hisobidan rejali statsionar yordam olish uchun yo‘llanma elektron tizim orqali rasmiylashtiriladi. Davolanish zaruratiga qarab bemor tuman, hududiy yoki respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotiga yo‘naltirilishi mumkin.

Muhim: hayot yoki sog‘liqqa jiddiy xavf tug‘ilganda rejali yo‘llanmani kutib o‘tirmang. 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki shoshilinch yordam ko‘rsatadigan tibbiyot muassasasiga murojaat qiling.

Shifoxonaga yotqizilganda qabul bo‘limi xodimlariga shaxsni aniqlash uchun zarur ma’lumotlar, mavjud tibbiy hujjatlar va yo‘llanma haqida xabar beriladi. Shifokor holatni baholab, davolash rejasini belgilaydi. Rejali davolanishda elektron yo‘llanma bilan bog‘liq ma’lumotlarni biriktirilgan tibbiyot muassasasida aniqlash mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi, ovqatlanish bo‘yicha maxsus nizom tatbiq etiladigan statsionarlarda bemorga nonushta bepul beriladi. Tushlik va boshqa ovqatlar uchun haq to‘lash tartibi mavjud, ammo ayrim kasalliklarga chalinganlar va imtiyozli toifalar ovqatlanish to‘lovidan ozod etiladi. Shifoxonadan o‘zingizga qaysi tartib tatbiq etilishini so‘rang.

Huquqiy asoslar: Vazirlar Mahkamasining 694-son qarori, 31-son qarori, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonun.