Homiladorlik, tug‘ruq va bola parvarishi davrida xodim yillik mehnat ta’tilidan o‘ziga qulay vaqtda foydalanish huquqiga ega. Ayrim ota-onalar uchun ham ta’til jadvali bo‘yicha alohida kafolatlar belgilangan.

Homilador ayolga yillik mehnat ta’tili, uning xohishiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin beriladi. Bola tuqqan ayol esa yillik ta’tilini homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan keyin olishi mumkin. Ish beruvchi homilador ayolni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga haqli emas.

Bola parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodim ham yillik mehnat ta’tilini, o‘z xohishiga ko‘ra, bola parvarishlash ta’tilidan oldin yoki undan keyin olishi mumkin. Bu masalani hal qilishda xodimning arizasida qaysi ta’tildan qachon foydalanmoqchi ekani aniq ko‘rsatilgani maqsadga muvofiq.

Ishlaydigan erkak xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida yillik mehnat ta’tili olishni so‘rashi mumkin. Birinchi ish yilida bunday ta’til ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar, keyingi yillarda esa ta’tillar jadvalidan qat’i nazar beriladi.

Shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bir yoki undan ortiq bolani yoxud 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan yolg‘iz ota yoki onaga, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchining xotiniga yillik mehnat ta’tili ular uchun qulay vaqtda beriladi.

Yillik mehnat ta’tilidan tashqari, 12 yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq bolasi, yoxud 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ota-onadan biri har yili kamida 4 kalendarь kun haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til va xohishiga ko‘ra kamida 14 kalendarь kun ish haqi saqlanmaydigan ta’til olish huquqiga ega. Bu alohida ta’til turlari bo‘lib, ularning shartlari yillik asosiy ta’tildan farq qiladi.

Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 400–402-moddalar.